Sanoqli kunlardan so‘ng yangi yilni qarshi olamiz. Bu bayramni ayniqsa bolajonlar orziqib kutishadi, archa bayramlari, teatru tomoshalarga borishadi, Qorboboning sovg‘alari esa ularga cheksiz quvonch bag‘ishlaydi.
Ammo yaqinda Andijon viloyatida nafaqat bolalar, balki ularning ota-onalarining quvonchli kayfiyatni buzib, tashvishga solayotgan bir holat yuzasidan e’tirozlar bildirilgan ma’lumot ijtimoiy tarmoqlarda berilgani yuzasidan o‘rganishlar olib borilishiga to‘g‘ri keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Andijon viloyati boshqarmasi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Andijon shahridagi «Markaziy dehqon bozori»,»Yangi bozor»AJ, Andijon tumanida joylashgan «Kuygan yor dehqon bozori» AJlarda savdo do‘konlaridagi bayram sovg‘alari sotilishi bo‘yicha monitoring ishlari o‘tkazildi.
Shahardagi «O‘zbegim savdo majmuasi» oldida tashkil etilgan yarmarkalarda Andijon tumani Xortum QFYda joylashgan «Orbil Industru» MChJ tomonidan tayyorlangan «Sladkie kukuruznie palochki», Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida joylashgan» Sharq Nafis Guli» MChJning «Sladko-Ejka» mahsulotlarining ishlab chiqarilgan muddati ko‘rsatilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganishlar jarayonida yaroqlilik muddati o‘tgan eng ko‘p mahsulotlar bolalarning sevib iste’mol qiladigan «Bay-bay»,»Ole pechen’e»,»Tornado suxarik»,»Piknik»,»Adora» pechen’elari bo‘lib chiqdi.
Ayniqsa, ‘AYLIN’ brendi asosida ishlab chiqarilgan mahsulotning yorlig‘ida yaroqlilik muddati 2011 yil deb ko‘rsatilgani, uni qo‘lbola usulda 02.12.2020 yilgacha deb stiker qo‘yib, o‘zgartirilgani qoidabuzilish holati bo‘lib chiqdi. Tasavvur qiling, yaroqlilik muddati o‘tganiga sakkiz yildan ortiq vaqt o‘tgan bu va yuqorida nomlari qayd qilingan mahsulotlar insonlar, xususan yosh bolalarning sog‘ligi, hayotiga xavf solishi mumkinligini nahotki savdo bilan shug‘ullanayotganlar hayollariga keltirmagan bo‘lsalar. Bayramlarda bozor va savdo do‘konlarida odam gavjum bo‘ladi, uni bemalol sotish mumkin, har kim ham uni yorlig‘ini tekshirib o‘tirmaydi deb o‘ylaganlar savdosiga chek qo‘yildi.Muhimi, bayram hamma oilalarga, ularni farzandlariga quvonch olib kelishi zarur.
Monitoring natijasida aniqlangan mahsulotlarni iste’molga yaroqlilik holatlarini aniqlash va xulosa olish uchun viloyat DSENM laboratoriyasiga yuborildi.
6,187