Kundalik hayotimizda elektr energiya resurslarining o‘rni katta. Ulardan uylarimizni yoritishda va isitishda foydalanamiz.Bundan tashqari,bugungi kunda xonadonlarimizda maishiy texnika jihozlarining soni oldingidan ikki-uch baravarga ortgan: muzlatgich, televizor, komp’yuter, avtomat kir yuvish mashinasi, kondisioner, changyutgich, mikroto‘lqinli pech, elektrda ishlaydigan qozon — mul’tivarka, turli isitish moslamalari, dazmol, tefal’, telefon, soch quritishdan tortib turmaklaydigan buyumlar, hatto uyali telefoni quvvat olgichlari ham bunga qo‘shildi.
Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, bunday o‘zgarishlar ba’zi joylarda past kuchlanishli elektr transformatorlarini nosoz holatga keltirishi mumkin.
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani hududida ana shunday holat yuzaga keldi. Bu haqda Sharq»MFYda istiqomat qiluvchi A.Rahmonov va D.G‘ozievlar elektr energiyasi uzilib qolganligi barchaga noqulaylik tug‘dirayotgani haqida murojaat qilishdi.
Yilning kuz-qish faslida kunlar qisqa, kechga bormay qorong‘u tushadi, — deydi iste’molchi D. G‘oziev o‘z arizasida. — Elektr chirog‘ining yo‘qligida bir-ikki soat sham yoqib o‘tirsa bo‘ladi. Ammo sutkalab esa buning iloji yo‘q. Sababi, mahallamizda istiqomat qiluvchi oilalarda qariyalar, bemor yotganlar va yosh bolalar bor…
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi tomonidan Qo‘mita ishonch telefoniga tushgan mazkur ariza joyida o‘rganilganda bu muammoga hududda iste’molchilar soni yildan-yilga ortib borayotgani sabab qilib ko‘rsatildi.Shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi korxona hududdagi elektr qurilmalari va tarmoqlarini mukammal hamda joriy ta’mirlash, yangi qurilish hamda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirilgan vaqtda iste’molchilar elektr ta’minoti o‘chiq turganligini bildirgan.
Aslida bu hudud 35/10 kVli «Shirinlik» podstansiyasidan chiquvchi 10 kVli «Shahar» tarmog‘iga ulangan. Mahalla ahli ortiqcha yuklanish bilan ishlayotgan, quvvati 160 kVA bo‘lgan 100-sonli transformator punktidan chiqqan 0,4kVli havo tarmog‘i orqali elektr tarmog‘idan foydalangan.
Agentlik tomonidan Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi AJ To‘raqo‘rg‘on elektr ta’minoti korxonasi rahbari va mutaxassislarini mazkur masalani hamkorlikda ijobiy hal qilish, imkon darajasida aholiga ko‘mak berishga jalb qilindi. Shundan so‘ng 250 metr 10 kVli havo tarmog‘i qurilib,
1 dona komplekt transformator punkti o‘rnatilib ishga tushirildi, eskilari mukammal ta’mirlandi.Muammo hal etilib, endilikda aholi elektr energiyasidan to‘laqonli foydalana oladigan bo‘ldi.
6,031