O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institusional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 11 sentyabrdagi
PF-5817-son Farmoniga muvofiq, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tashkil etildi. Agentlik iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Bu haqda «Iste’molchilar huquqlarini davlat tomonidan himoya qilinishi hamda aholini tabiiy gaz bilan ta’minlashda iste’molchi va ta’minotchining huquq va majburiyatlari» mavzuiga bag‘ishlangan o‘quv seminarida Toshkent shahar Monopoliyaga qarshi kurashish hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Sadikov yig‘ilganlarga tushuncha berib o‘tdi.
O‘quv seminarida Toshkent shahar va tuman (shahar) gaz ta’minoti korxonalari rahbar xodimlari, abonent bo‘limi boshliqlari, metrologlari, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi hisoblagichlarni ta’mirlash korxonalari, Majburiy ijro byurosi, “O‘zneftgazinspeksiya”, hududgaz “Toshkent shahar” MChJ, “O‘zstandart” agentligi hududiy bo‘linmasi mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.
O‘tkazilgan tadbirdan ko‘zlangan maqsad tabiiy gaz ta’minotida iste’molchilar bilan tuzilgan shartnoma shartlariga rioya etilishini ta’minlash va gaz ta’minoti korxonalar tomonidan iste’molchilar huquqlari buzilishi holatlarining oldini olish va yangi me’yoriy hujjatlar bilan tanishtitib o‘tildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
12.01.2018 yildagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 22-sonli qarorining inson manfaatlariga to‘laqonli xizmat qilayotganligini misol tariqasida keltirib o‘tish mumkin. Unga muvofiq, maishiy iste’molchilarga tabiiy gaz iste’molini hisobga olish zamonaviy uskunalarini xarid qilish, o‘rnatish, ro‘yxatdan o‘tkazish, davriy davlat qiyoslovi va plombalash tegishli ravishda hududiy gaz ta’minoti tashkilotlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda.
Bu qarorda maishiy iste’molchilarning tabiiy gaz iste’molini hisobga olish uskunalarining davriy davlat qiyoslovidan o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishini tashkil qilish bo‘yicha javobgarlik tegishli ravishda gaz ta’minoti tashkilotlariga yuklatilgan.
Tadbirkorlik sub’ektlarini gaz tarmoqlariga foydalanishga tayyor holda ulash ularning xohishiga ko‘ra amalga oshirilishi belgilangan.
Shuningdek, xonadonlarda aholi bilan gaz priborlarini profilaktika tadbirlarni o‘tkazish,
ichki gaz tarmoqlari va gazdan foydalanish uskunalarini belgilangan muddatda texnik taftishdan o‘tkazish zarur.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 maydagi «Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5059-son Farmoniga asosan
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida energiya resurslari uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishiga, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda talon-toroj qilish holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olishga, shuningdek, sud hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan Majburiy ijro byurosi tashkil etildi.
Ma’luki, majburiy ijro byurosi iste’molchilar bilan ishlaydi, vakolatiga ko‘ra to‘lovlarni undirish bilan shug‘ullanadi, energiya resurslarini yetkazib berish va foydalanish sohasidagi qoidalarni buzganlik uchun esa yuridik shaxslarga belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llaydi.
Tadbirda mas’ul tashkilotlarga gaz ta’minoti bo‘yicha tushayotgan murojaatlar va ularning ijobiy yechimi haqida ham batafsil ma’lumot berib o‘tildi. Tadbir savol-javoblar asnosida qiziqarli o‘tdi.
6,103