O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan 2019 yil dekabr’ oyidan boshlab chakana savdo shoxobchalari, umumiy ovqatlanish korxonalari va dorixonalar tomonidan savdoning asosiy qoidalariga rioya qilinishi bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining sotuvchi (ijrochi) o‘z tashkilotining firma nomi, uning joylashgan (yuridik) manzili va ish tartibi to‘g‘risida iste’molchilarga ma’lum qilishi shartligi va bunday ma’lumot lavhada aks ettirilishi lozimligi to‘g‘risidagi 5-moddasiga muvofiq, hududlarda joylashgan chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi barcha turg‘un savdo shoxobchalari, umumiy ovqatlanish korxonalari hamda dorixonalarda ma’lumotlar aks ettirilgan peshlavha joylashtirilishi bo‘yicha jami 20545 ta tadbirkorlik sub’ektlariga ogohlantirish xatlari yuborilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 13507 ta sub’ektda ushbu ma’lumotlar joylashtirilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 dekabrdagi “Konstitusiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4551-son qarori bilan tasdiqlangan “Konstitusiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi”ga muvofiq hududda faoliyat yurituvchi bozorlar va savdo komplekslariga “Iste’molchi burchagi”ni tashkil qilinishi va bunda sifatsiz (shu jumladan sertifikati bo‘lmagan, muddati o‘tgan, saqlash sharoitiga amal qilinmagan) tovarlar bo‘yicha mutasaddi organlarning ishonch telefonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirilishi bo‘yicha talabnoma xatlari yuborish yo‘lga qo‘yilib, ijrosi nazoratga olindi.
Shu bilan bir qatorda, iste’molchi sifatida huquqingiz buzilgan bo‘lsa, Sizga qulay bo‘lgan usulda O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining 1159 qisqa raqamli Ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishingiz yoki info@consumer.uz elektron pochtasi orqali murojaat etishingiz mumkinligini ma’lum qilamiz.
6,324