Qolipli non mahsuloti respublikamizda “O‘zstandart” agentligining 27.03.2017 yildagi MTR-8 – sonli qarori bilan tasdiqlangan “Non va makaron mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi Maxsus texnik reglament (MTR.008-2017) hamda GOST 27842-88 standarti asosida ishlab chiqariladi.
Mazkur me’yoriy hujjatlarda qolipli non mahsulotini ishlab chiqarish, tashish va saqlash bo‘yicha talablar berilgan.
Qolipli non mahsuloti tashqi ko‘rinishi bo‘yicha quyidagi talablarga muvofiq bo‘lishi zarur:
– shakli – qolipli nonga muvofiq shaklga ega bo‘lishi, ortiqcha qism bo‘rtib chiqmagan bo‘lishi lozim;
– tashqi ko‘rinishi – sezilarli yoriqlar, ortiqcha shakllar bo‘lmasligi lozim;
– rangi – och-sariq rangdan to‘q-jigarranggacha bo‘lishi lozim, boshqa ranglar bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
– ichki qism (myakish) ko‘rinishi – yaxshi pishgan bo‘lishi va elastik bo‘lishi, barmoq bilan yengil bosilganda o‘z shakliga qaytishi lozim.
– ta’mi va hidi – non mahsulotining odatiy ta’mi va hidi bo‘lishi va ortiqcha ta’m va hidlar bo‘lmasligi lozim.
Shuningdek, non mahsulotlarining saqlash sharoitlariga ham e’tibor berish zarur. Bunda, saqlash joyida non mahsulotlariga boshqa mahsulotlar aralashmasligi, saqlash joyi toza bo‘lishiga e’tibor berishi kerak.
GOST 27842-88 standartining 1.2.1-bandiga asosan qolipli non mahsuloti 0,5 kg dan 1,1 kg gacha massada ishlab chiqarilishi mumkin. Bugungi kun amaliyotida qolipli non asosan 05-0,6 kgda ishlab chiqarilmoqda (mahsulotning og‘irligi farqi kamayish tarafiga bir mahsulotning belgilangan og‘irligiga nisbatan 3 foizdan oshmasligi kerak).
Bundan tashqari, iste’molchilar qolipli non xarid qilishda sotilayotgan qolipli nonni texnik reglament talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish huquqiga egaligini eslatib o‘tamiz.
“Non va makaron mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi Maxsus texnik reglament (MTR.008-2017) ning 36 bandiga asosan, non va makaron mahsulotlarining har bir partiyasi sotilayotganda, mazkur texnik reglament talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan jo‘natilishi shart.
7,488