Avval xabar berganimizdek, O‘zbekistonda “farmasevtika mahsulotlarining sirli xaridori” instituti joriy etiladi hamda mazkur tadbirlarni tashkil etish Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Quyida xalqaro amaliyotda keng foydalanib kelinayotgan “sirli xaridor”, “maxfiy mijoz” tushunchasi va uni qo‘llash amaliyotining o‘ziga xos jihatlari to‘g‘risida ma’lumot keltirib o‘tamiz.
Maxfiy mijoz
Ingliz tilidagi mystery shopper, secret shopper, linkonet so‘zlarining o‘zbek tilidagi ma’nosi “maxfiy mijoz” bo‘lib, bu tadqiqot usulidir. U mijozning mahsulot yoki xizmatni sotib olish jarayonida olgan iste’mol tajribasini baholashga yo‘naltirilgan marketing tadqiqotining bir qismi sifatida foydalaniladi, shuningdek, tashkiliy masalalarni hal etish, masalan, tashkilot xodimlari tomonidan mijozlarga xizmat ko‘rsatish standartlariga muvofiqlik darajasini o‘lchashda qo‘llaniladi.
Ma’lumot to‘plash uchun potensial/haqiqiy mijozlar niqobi ostida tekshiruvlar o‘tkazadigan va tekshiruvlar natijalarini batafsil bayon etadigan maxsus tayyorlangan odamlar (maxfiy mijozlar) xizmatidan foydalaniladi. Tadqiqot maqsadlari maxfiy mijozlarga bo‘lgan talablar darajasiga ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘pgina hollarda, “maxfiy mijoz” tadqiqotida ishtirok etadigan bu odamlar uchun ushbu tadbir yagona daromad manbai bo‘lmasligi kerak.
Maxfiy mijoz kim?
Siz bir necha bor suhbat davomida menejerning sotuv texnikasi to‘g‘risidagi katta gaplariga guvoh bo‘lasiz, aslida esa uning bu gaplari gazli suv sotadigan kichik do‘kon uchun ham to‘g‘ri kelmasligi ayon bo‘ladi. Savdo haqida ko‘p narsalarni biladigan menejer — juda zo‘r! Ammo uning muvaffaqiyatini ushbu bilimlarni amalda qo‘llay bilishi belgilaydi. Sotuvchi amalda bilimlarni qay darajada ishlata bilayotganini tushunish uchun “maxfiy mijoz” texnologiyasi qo‘llaniladi.
Maxfiy mijoz — bu menejerning savdo va xizmat ko‘nikmalaridan foydalanishini baholash vazifasi yuklatilgan odam.
Maxfiy mijoz usuli bo‘yicha ko‘nikmalarni tekshirish texnologiyasi o‘quv va sinov tizimiga kiritilganida samarali bo‘ladi. Masalan, siz ishonch telefoniga javob beradigan sotuvlar bo‘yicha menejerlarni yollamoqdasiz, ularni tayyorlaysiz, sinovdan o‘tkazasiz va kompaniyaga amaliyot o‘tash uchun yuborasiz. Maxfiy mijoz esa ular yuborilgan tashkilotga qo‘ng‘iroq qiladi, oldindan tayyorlangan savollarni beradi va menejerni mezonlarga muvofiq baholaydi. Shunday qilib, menejer qay darajada bilimni o‘zlashtirgani va ishlashga tayyorligi haqida aniq tasavvurga ega bo‘linadi.
Qanday qilib maxfiy mijoz bo‘lish mumkin?
Har kim maxfiy mijoz sifatida ishlashi mumkin, barchasi buyurtmachining talablari va ish hajmiga bog‘liq. Misol uchun, agar siz ayollar kosmetikasi do‘konlariga tashrif buyurishingiz kerak bo‘lsa, unda talabchan erkak kishi juda shubhali ko‘rinadi. Agar siz, masalan, noutbukni ta’mirlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatish markazini tekshirishingiz kerak bo‘lsa, ushbu sohadagi mutaxassislar eng yaxshi nomzod bo‘lishadi va bunday ish uchun ko‘proq haq to‘lanadi. Bundan tashqari, yuqorida aytib o‘tilgan ko‘nikmalarga ega bo‘lish kerak.
Maxfiy mijoz sifatida ishlashni barqaror deb bo‘lmaydi. Bu vaqtning sarflanishi bilan bog‘liq (tekshirilayotgan xodim boshqa mijoz bilan band bo‘lishi mumkin, demak maxfiy mijoz u ishlayotgan joyga yana tashrif buyurishi kerak), shuningdek, daromadning beqarorligi (ba’zida maxfiy mijoz buyurtmani bir necha hafta kutishi kerak bo‘ladi). Shuning uchun, bunday ish moslashuvchan mehnat jadvaliga ega va qo‘shimcha daromadga muhtoj bo‘lganlar uchun ko‘proq mos keladi.
5,991