O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institusional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 11 sentyabrdagi PF-5817-son Farmoni bilan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi tashkil etilgan.
Agentlik tomonidan aholiga savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish darajasini aniqlash va baholab borish maqsadida tarmoqlar kesimida iste’molchilar o‘rtasida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish reja-jadvali ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish orqali iste’molchilarning transport, savdo, aloqa, qurilish, kommunal, moliya, ta’lim, tibbiyot, turizm va shu kabi sohalarda o‘z huquqlarini bilish va himoya qilish darajasi, savdo va xizmat ko‘rsatish hamda vakolatli davlat va nazorati organlari faoliyatidan qoniqqanlik ko‘rsatkichlari baholab boriladi.
O‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra, respublika bo‘yicha iste’molchilar huquqlarining himoyalanganlik darajasi holati baholanishi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining amaliy ijrosi, turli sohalarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yuzasidan mavjud holat va muammolar aniqlanishi ko‘zda tutilgan.
Tasdiqlangan reja-jadvalga asosiy joriy yilning dekabr’ oyida aholiga shahar yo‘lovchi tashish transporti xizmatlari ko‘rsatish sohasida 1500 nafardan ortiq ishtirokchi o‘rtasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazilib, hozirda so‘rov natija va ko‘rsatgichlari hisoblanmoqda, natijalari to‘g‘risida qo‘shimcha axborot beriladi.
Kelgusi yildan boshlab tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha so‘rov o‘tkazishda zamonaviy axborot texnologiya usullarini joriy qilish orqali barcha iste’molchilar ijtimoiy so‘rovlarda ishtirok etish imkoniyati yanada kengaytirib boriladi.
Hurmatli fuqarolar, barchangizni mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilinganlik darajasini baholab borishda o‘z fikr va takliflarni bildirishda faol ishtirok etishga chaqirib qolamiz.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligining Matbuot xizmati
6,097