O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institusional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 11 sentyabrdagi PF-5817-son Farmoni bilan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi tashkil etilgan.
Tadbirkorlik va iste’molchilik madaniyatini takomillashtirish, aholining huquqiy bilimi va savodxonligini oshirishga qaratilgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida, Agentlikning tegishli buyrug‘i bilan joylarda aholi va tadbirkorlik sub’ektlari, savdo, uy-joy va kommunal xizmatlari ko‘rsatuvchi korxonalar hamda boshqa soha vakillari uchun ularning huquq va majburiyatlari, sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlari normalarini tushuntirish bo‘yicha turli tadbirlar, uchrashuv va seminarlar o‘tkazish grafiklari tasdiqlandi.
Tadbirlarning birinchi bosqichi joriy yilning dekabr’ oyida respublikaning barcha hududlarida aholiga uy-joy kommunal, elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiqlik va ichimlik suvi ta’minoti hamda maishiy chiqindi tashish xizmatlari ko‘rsatish sohasi xodimlari uchun tashkil qilinib, Tadbirlarda Agentlik va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining hududiy boshqarmalari bilan birgalikda ushbu sohalarni nazorat qiluvchi va o‘zaro hamkorlik qiluvchi idoralar vakillari hamda ishtirok etmoqda.
Keyingi bosqichlarda “Iste’molchilar huquqlarini davlat tomonidan himoya qilish va iste’molchi huquqi asoslari” mavzusida aholi va talabalar bilan uchrashuvlar, tibbiy xizmat, savdo va xizmat ko‘rsatish, transport, qurilish xizmatlari ko‘rsatish sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda dori vositalari sifati va narxlarni davlat tomonidan nazorat qilish masalalari bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlari va aholi vakillari ishtirokida seminar brifinglar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Umid qilamizki, Agentlik tashabbusi bilan mutasaddi idora va tashkilotlar, nazorat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlarini jalb qilgan holda o‘tkazilishi boshlangan bunday tadbirlar iste’molchilar huquqlari buzilishi oldi olinishiga, ularning qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlari himoya qilinishiga, aholining huquqiy va iste’mol madaniyati yuksalishiga, savdo va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning iste’molchi oldidagi mas’uliyati va javobgarligini yanada oshirilishiga xizmat qiladi.
Joylarda tadbirlarning borishi haqida axborot berib boriladi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligining Matbuot xizmati
9,071