“Iste’molchi burchagi” — muammoli holatlarda iste’molchiga yordamchi bo‘ladi
Bugungi kunda “Iste’molchi burchagi” – iste’molchilar uchun mahsulotlar xarid qilishda o‘ziga zarur bo‘lgan tavsiyalarni olishda qulay vosita hisoblanadi. Unda iste’molchining asosiy huquqlari haqida ma’lumot berilishi bilan bir qatorda huquqlari buzilgan taqdirda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda vakolat berilgan organlar va ularga murojaat qilish tartiblari haqidagi ma’lumotlar joylashtiriladi. Asosiysi, unda iste’molchilar mahsulotlarni xarid qilish jarayonida ba’zi e’tibor berish kerak bo‘lgan jihatlar ham ifoda etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi tomonidan aholini mahsulotlarni to‘g‘ri tanlash va xarid qilish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish maqsadida mamlakatimizda faoliyat yurituvchi bozorlar va savdo komplekslarida, aholiga qulay joyda “Iste’molchi burchagi”ni joylashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 dekabrdagi “Konstitusiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4551-son qarori bilan tasdiqlangan “Konstitusiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi”ning Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘limidagi 14.3-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Ma’lumki, hozirgi keng qamrovli islohotlar davrida qonunlar va qonunosti hujjatlariga kiritilayotgan ko‘plab o‘zgartish va qo‘shimchalardan iste’molchi o‘z vaqtida xabardor bo‘lib turishi kerak. Buning uchun “Iste’molchi burchagi”dagi ma’lumotlar doimo yangilab borilishi talab etiladi.
6,056