Joriy yilning 23 yanvar kuni Toshkent shahar hokimligining xabariga ko‘ra, www.kun.uz rasmiy internet nashri orqali Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Uch qahramon va Yunus ota ko‘chalaridan o‘tgan issiqlik quvurlarida nosozlik yuzaga kelgan. Buning oqibatida Yunusobod tumani-7,8,9,10,12,15,16,18,19- mavzelarida iste’molchilar vaqtinchalik issiq suv va issiqlik energiyasidan uzilishlari va hozirda nosozlikni tezkor ravishda bartaraf etish ishlariga zarur maxsus texnika va mutaxassislar jalb qilinganligi ma’lum qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi “Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 194-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga asosan, iste’molchi qonun hujjatlarida, issiqlik ta’minoti shartnomasida yoki issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan holatlarda issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatilmaganda yoki xizmatlar zarur sifat va tartibda ko‘rsatilmaganda neustoyka (jarimalar, penyalar) to‘lashni, qayta hisob-kitob amalga oshirilishini talab qilish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 21-moddasi, 2-xatboshida sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilangan.
Mazkur qonunchilik talablaridan kelib chiqib, yuqorida ko‘rsatilgan hududlarda iste’molchilarga ko‘rsatilmagan issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun belgilangan tartibda qayta hisob-kitob ishlarini amalga oshirilishi lozimligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qilish Agentligi tomonidan «Toshissiqquvvati» davlat unitar korxonasiga bu haqda 2020 yil 23 yanvardagi 01-08/206-sonli ogohlantirish xati yuborildi.
7,250