Bugungi kunda uyali telefon aloqasi inson hayot tarzining bir bo‘lagiga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Telefon aloqasiga zarurat bo‘lganda juda ham qulay va vaqtni tejaydi.Ular orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlarning deyarli son-sanog‘i yo‘q.
Ammo ba’zida bu borada ko‘rsatilayotgan xizmatlarni talab darajasida deb bo‘lmaydi…
Surxondaryo viloyati Boysun tumanida istiqomat qiluvchi N.Do‘stmurodov murojaat qilib «UMS» (Mobiuz) MChJ kompaniyasi xizmatidan o‘zining noroziligini bildirgan.O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi tomonidan Qo‘mita ishonch telefoni orqali qilingan murojaat ko‘rib chiqilganda O‘zbekiston Respublikasi «Telekommunikasiyalar to‘g‘risida» va «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunda belgilangan talablar buzilganligi ma’lum bo‘ldi. O‘rganishlar ushbu kompaniya operatorining ishga mas’uliyatsizligi orqali telekommunikasiya xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalarining to‘liq bajarmaganligi oqibatida muammo kelib chiqqanligini ko‘rsatdi. Aslida N.Do‘stmurodov telefon aloqasi uchun oldindan to‘lovni amalga oshirgan. Ammo unga asossiz o‘n ming so‘m qarzdorlik ko‘rsatilib, telefon raqami blokka tushirilgan.
Shu o‘rinda ko‘pchilikda o‘n ming so‘m ekan-ku, shartmidi murojaat qilishi, degan hayol o‘tishi mumkin. Iste’molchi N. Do‘stmurodov «UMS» kompaniyasining ikkita telefon raqamiga ega. Achinarlisi, ulardan hech biri yaxshi ishlamaydi. Internetdan foydalana olmagani yetmaganidek , hatto telefonda durustroq gaplasha ham olmagan. Kompaniya tomonidan bu borada ko‘rsatilgan kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf etildi. Murojaatchi yetkazilgan zarar qoplanishida ko‘mak berilgani va bu bilan uning haq-huquqlari qayta tiklangani uchun Agentlikka o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
5,960