Poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi “Jo‘rabek” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi U.S. Dilmurodovga tuman Majburiy ijro byurosi xodimi tomonidan tabiiy gaz ta’minoti uchun 444 000 so‘m qarzdorligi haqidagi ma’lumotnoma taqdim etilganida taajjubga tushgani bejiz emas. Sababi U.S. Dilmurodov to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirib kelgan. Bu haqdagi murojaatga tuman gaz idorasi tomonidan iste’molchi xonadoniga tegishli hisoblagich raqami bo‘yicha emas, balki yashovchilar soniga nisbatan hisoblanadigan tarifga o‘tkazilgani ma’lum qilingan. Bu haqida iste’molchi ogohlantirilmagan.
Iste’molchining mazkur masalada qayta hisob-kitob qilinishini so‘rab qilgan murojaati rad etilgan. Shundan so‘ng iste’molchi huquq va manfaatlarini himoya qilinishini so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligiga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Mazkur murojaat mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilganda qiziq holatga duch kelindi. Gaz ta’minoti idorasi tomonidan iste’molchi xonadonida yashash bo‘yicha ro‘yxatda 3 nafar fuqaro yashaydi deb qayd etilgan bo‘lib, aslida esa bu manzilda faqat murojaatchining bir o‘zi ro‘yxatda turib, yashashi ma’lum bo‘ldi. Ilgarigi ro‘yxat bo‘yicha yashagan U.S.Dilmurodovning onasi bundan 14 yil ilgari (25.03.2005yilda) vafot etgan, singlisi Ch.Dilmurodova 11 yil muqaddam (19.03.2008 yil) ushbu xonadondan ro‘yxatdan chiqarilgani haqida hudud gaz ta’minoti idorasiga berilgan ma’lumotnoma ham inobatga olinmagan. Agentlik tomonidan U.S.Dilmurodovning arizasida keltirilgan holatlar o‘rganib chiqildi va iste’molchining gaz ta’minoti bo‘yicha qarzdorligi asossiz deb topildi.
5,858