Mamlakatimizda 14-18 yanvar’ kunlari Birinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari iste’molchilar forumi o‘z ishini boshladi.
Mazkur anjumanda Yevropa va Osiyo qit’alaridagi 30 ga yaqin davlatdan sohada faoliyat olib borayotgan 250 dan ziyod mutaxassis tashrif buyurgan.Unda Xalqaro iste’molchilar tashkiloti, Xalqaro iste’molchilar jamiyatlari konfederatsiyasi mas’ul xodimlari, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Hindiston, Turkiya singari mamlakatlar, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari, Rossiya sifat nazorati (Roskachestvo) vakillari ishtirok etmoqda.
Forum doirasida “Turizm sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish”, “Elektron tijorat va raqamli mahsulotlar savdosi sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish” va “Barqaror iste’mol madaniyati” masalalari yuzasidan munozaralar uyushtirildi.
— Mazkur forum Yevropa va Osiyoda, jumladan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududida joylashgan mamlakatlar uchun muhim ahamiyatga ega, — deydi Xalqaro iste’molchilar tashkiloti prezidenti Marimutu Nadason. — Sababi, o‘ziga xos nufuzga va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida katta tajribaga ega tashkilotimizga 121 mamlakat a’zo. Demak, ikki qit’adan to‘plangan davlatlar vakillari o‘rtasida fikr almashish juda foydali va qiziqarli. Bu, ayniqsa, yangilanayotgan O‘zbekiston uchun ayni muddao. Masalan, raqamli texnologiyalar bo‘yicha sho‘’ba yig‘ilishi kun tartibiga qo‘yilishi ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi. Chunki bugungi kunda zamonaviy texnologiyalar bozori jadal sur’atda kengaymoqda. Aksariyat iste’molchilar real yetkazib beruvchi orqali olishdan ko‘ra, mahsulotni elektron usulda xarid qilishni afzal ko‘ryapti. Bu kuch, vaqt va boshqa vositalarni tejash imkonini beradi. Anjuman davomida shunga o‘xshash yana qator masalalar muhokama qilindi.
Ilk bor o‘tkazilayotgan forum mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lidagi dastlabki qadamdir.
19,268