Andijon viloyatida aholiga uy-joy hamda kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxona va tashkilotlar xodimlarining iste’molchilik bilim va savodxonligini oshirishga qaratilgan o‘quv seminarida viloyat Monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i Sh.Haydarov, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hududiy boshqarmasi boshlig‘i I.Asqarovlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzurida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi, viloyat hududiy boshqarmalari huzurida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish boshqarmalari tashkil etilgani va ularga belgilangan bir qator vazifalar haqida ma’lumot berildi.
Darhaqiqat, ba’zida kommunal sohada ta’minotchi korxona tomonidan iste’molchi bilan hisob-kitoblarni amalga oshirishda xatoliklarga yo‘l qo‘yilishi, xonadon bilan tuzilgan shartnoma shartlarining buzilish holatlari ham yuzaga keladi.Bu borada tushgan murojaatlar mutaxassislar tomonidan o‘rganilganda iste’molchiga qo‘yilgan qarzdorlik asossiz ekanligi ma’lum bo‘ladi. Bunday holatlar hisoblagich priborlari bilan ham bog‘liq bo‘ladi. Tadbir davomida hisoblagichlar va ular bilan bog‘liq jarayonlar, energiya resurslari va ularni yetkazib berish haqidagi zarur ma’lumotlar, ta’minotchi korxona tomonidan o‘ziga qarashli tarmoqlarni soz holatda saqlash va ularni ta’mirlash ishlari va ta’minotchi korxonalarning boshqa majburiyatlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Shundan so‘ng, iste’molchilar o‘zlarini qiziqtirayotgan savollar, o‘ylantirayotgan muammolari bilan kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari mas’ul xodimlariga murojaat qilib, tegishli javoblar olishdi, ko‘plab muammolar esa joyida hal etilishiga erishildi. O‘quv seminarida sohada yuzaga kelayotgan mavjud ba’zi kamchiliklarni tegishli tashkilotlar bilan birgalikda bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar ham belgilab olindi.
5,668