Joriy yilning 21 yanvar’ kuni www.daryo.uz rasmiy internet nashri orqali Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Zargarlik ko‘chasi va Olmazor tumani “Jomiy” maydonidan o‘tuvchi magistral issiqlik quvurlarida nosozlik yuzaga kelganligi tufayli 21 yanvar’ kuni soat 18:00 ga qadar Chilonzor tumani Guliston, Al-Xorazmiy, Olmazor va Shayxontohur tumani Sebzor, Shimoliy Olmazor, Taxtapul, Markaz-12, 15, 17 va 18-mavzelarida vaqtincha issiq suv va issiqlik ta’minoti uzilishi to‘g‘risida ma’lum qilingan. Bu haqda “Toshissiqquvvati” DUK bergan ma’lumotga tayanib, poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar bergan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil
15 iyuldagi “Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 194-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga asosan, iste’molchi qonun hujjatlarida, issiqlik ta’minoti shartnomasida yoki issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan holatlarda issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatilmaganda yoki xizmatlar zarur sifat va tartibda ko‘rsatilmaganda neustoyka (jarimalar, penyalar) to‘lashni, qayta hisob-kitob amalga oshirilishini talab qilish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 21-moddasi, 2-xatboshida sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilangan.
Mazkur qonunchilik talablaridan kelib chiqib, yuqorida ko‘rsatilgan hududlarda iste’molchilarga ko‘rsatilmagan issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun belgilangan tartibda qayta hisob-kitob ishlarini amalga oshirilishi lozimligi bo‘yicha “Toshissiqquvvati” davlat unitar korxonasiga
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining 01-08/183 -sonli munosabat xati yuborildi.
5,989